Yangi veb-sayt taqdimoti

O’zbekiston aloqa tarixi muzeyida Inson huquqlari bo’yicha O’zbekiston Respublikasi Milliy markazi rasmiy veb-saytining taqdimoti bo’lib o’tdi.

Tadbirda O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, Inson huquqlari bo’yicha O’zbekiston Respublikasi Milliy markazi, “UZINFOCOM” kompyuter va axborot texnologiyalarini rivojlantirish va joriy etish markazi, vazirlik va idoralar, oliy ta’lim muassasalari vakillari ishtirok etdi.

O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo’mitasi raisi A.Jo’raboev, Inson huquqlari bo’yicha O’zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A.Saidov va boshqalar mustaqillik yillarida Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizda inson huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan mustahkam qonunchilik bazasi yaratilganini ta’kidladi.

Keng jamoatchilikni O’zbekistonda inson huquqlari sohasida olib borilayotgan davlat siyosati, amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlari mazmun-mohiyati to’g’risida xabardor qilish maqsadida Internet tarmog’ida Inson huquqlari bo’yicha O’zbekiston Respublikasi Milliy markazining yangi rasmiy veb-sayti ishga tushirildi.

Sayt “UZINFOCOM” kompyuter va axborot texnologiyalarini rivojlantirish va joriy etish markazi tomonidan ishlab chiqildi.

YAngi axborot resursi quyidagi manzillarda joylashgan: www.insonhuquqlari.uz www.pravacheloveka.uz.

Veb-saytga materiallar o’zbek, rus va ingliz tillarida joylashtiriladi. Bu yerda Inson huquqlari bo’yicha Milliy markaz tomonidan chop etiladigan jurnallar haqida ma’lumot olish, nashrlar katalogi va tegishli adabiyotlar bilan ham tanishish mumkin. Bundan tashqari, foto, audio va videomaterialli mediateka bo’limi ham faoliyat yuritmoqda