Elektron hukumat: qulay, tezkor, ishonchli

Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan ishlab chiqilgan 2013-2020 yillarda O’zbekiston Respublikasining Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini rivojlantirish kompleks dasturi zamonaviy tarmoqning xizmat ko’rsatish sifati va samaradorligini oshirishda muhim omil bo’lmoqda.

Dastur doirasida “Elektron hukumat” tizimi joriy etilib, telekommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirish yuzasidan keng qamrovli loyihalar amalga oshirilayotgani, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasining me’yoriy-huquqiy bazasi yanada mustahkamlanayotgani o’z samaralarini bermoqda.

– Bu borada amalga oshirilayotgan ishlar olis va chekka qishloqlarda ham zamonaviy telekommunikatsiya sohasini rivojlantirish, internet tarmog’idan foydalanuvchilar sonini kengaytirishga xizmat qilmoqda, – deydi O’zbekiston Respublikasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo’mitasi Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmasi boshlig’i Rustam To’xtamishev. – Hozirgi paytda viloyatda bir ming bir yuzdan ortiq tashkilot, idora, muassasa va boshqa xo’jalik yurituvchi sub’ektlar internet tarmog’i imkoniyatlaridan unumli foydalanayotir. Bu jarayonda kommunikatsiya tarmoqlari jahon talablari darajasida texnik va texnologik qayta jihozlanib, interaktiv xizmatlar ko’rsatish sifati va soni oshib bormoqda.

Sohaga qaratilayotgan alohida e’tibor samarasida viloyatda mahalliy hokimiyat, davlat va xo’jalik boshqaruvi organlarining elektron lokal tarmoqlari ishga tushirilib, interaktiv xizmatlar ko’rsatish samaradorligi oshdi. Viloyat, shahar va tuman hokimliklari, ko’plab davlat idoralari va boshqa xo’jalik yurituvchi sub’ektlar “E-XAT” himoyalangan elektron pochtasi hamda “E-hujjat” elektron hujjat aylanish tizimidan keng foydalanayotgani bunga misoldir.

– Elektron lokal tarmoqning tezkor, qulay va afzalligi barcha xo’jalik yurituvchi sub’ektlarga manzur bo’lmoqda, – deydi viloyat hokimligi huzuridagi kompyuterlashtirish markazi davlat unitar korxonasi direktori Abdujalil To’xtaev. – Dastlab viloyat, shahar va tuman hokimliklari, viloyat soliq, statistika, iqtisodiyot, madaniyat va sport ishlari, mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish boshqarmalari va boshqa davlat idoralari “E-XAT” himoyalangan pochta tizimiga ulangan bo’lsa, bugungi kunda O’zbekiston Savdo-sanoat palatasining viloyat hududiy boshqarmasi, “Surxon dori-darmon” sho’’ba korxonasi, “Surxonoziqovqatsanoati”, “SHo’rchidonmahsulotlari” aktsiyadorlik jamiyatlari singari yuzdan ortiq xo’jalik yurituvchi sub’ektlar ham bu imkoniyatlardan samarali foydalanayotir. Olis va chekka hududlardagi kasb-hunar kollejlari, qator fermer xo’jaliklari “E-XAT” himoyalangan pochta tizimiga ulangan. “Elektron hukumat” tizimini yaratish bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.

Elektron shaklda ma’lumotlar almashishning yo’lga qo’yilayotgani so’rovlarni rasmiylashtirish jarayonini tezlashtirib, tadbirkorlar va aholining davlat organlari bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlamoqda. Joriy yil boshidan shahar va tumanlarda tadbirkorlik sub’ektlarini internet tarmog’i orqali davlat ro’yxatidan o’tkazish yo’lga qo’yilib, ta’sis hujjatlarini masofadan turib interaktiv rasmiylashtirish tizimiga o’tilmoqda. Bu jarayonda zarur hujjatlarni ilova qilgan holda ro’yxatdan o’tkazishga ariza berish, shuningdek, ro’yxatdan o’tkazilgan ta’sis hujjatlari va tadbirkorlik sub’ektlarining davlat ro’yxatidan o’tkazilgani to’g’risidagi guvohnomani berishda elektron raqamli imzodan foydalaniladi.

Mutaxassislarning fikricha, bu xo’jalik yurituvchi sub’ektni davlat ro’yxatidan o’tkazish tartibini tezlashtirib, tadbirkorlar uchun ko’plab qulayliklar yaratmoqda. YAngi tartibga ko’ra, tadbirkorning elektron buyurtmasi asosida shahar, tuman hokimligi huzuridagi tadbirkorlik sub’ektlarini ro’yxatga olish inspektsiyasi “O’zinfokom” davlat unitar korxonasining www.id.uz saytidan identifikatsion raqam olib, uni www.my.gov.uz yagona interaktiv davlat xizmati portalida davlat ro’yxatidan o’tkazish imkoniyatiga ega bo’ldi. Ushbu saytga davlat ro’yxatidan o’tish tartiblari va talab etiladigan hujjatlar to’g’risidagi barcha ma’lumotlar kiritilgan. Bu qulaylik tadbirkorlarda ham katta qiziqish uyg’otmoqda.

– Ilgari xususiy korxonani davlat ro’yxatidan o’tkazishda turli to’siqlarga duch kelar edik, – deydi Uzun tumanidagi “Mehroj” ulgurji savdo-ishlab chiqarish korxonasi rahbari Qurbon SHukurov. – Endilikda tadbirkor hech qanday to’siqsiz davlat ro’yxatidan o’tib, o’z biznesini yo’lga qo’yishi, erkin faoliyat yuritishi mumkin. Elektron buyurtma asosida xususiy korxona tashkil etish tadbirkorning qimmatli vaqtini tejab, biznesini muvaffaqiyatli yuritishga ishonchini mustahkamlaydi. Bu tartibning joriy etilayotgani mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, qulay ishbilarmonlik muhiti yaratish borasida ko’rsatilayotgan yuksak e’tibor va g’amxo’rlikning amaldagi ifodasidir.

Global tarmoqda aholiga qo’shimcha qulayliklar yaratish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish ko’lamini kengaytirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar izchil davom etmoqda. Kelgusida soliq solish va bojxona rasmiylashtiruvi, litsenziya va ruxsat berish tartib-taomillarini elektron shaklda taqdim etish, kommunal xizmatlar va boshqa sohalarda ham interfaol shaklda xizmat ko’rsatishga hozirlik ko’rilayotir.