Elektron hujjat almashinuvi rivojlanmoqda

Prezidentimiz Islom Karimovning 2013 yil 27 iyundagi qarori bilan tasdiqlangan 2013-2020 yillarda O’zbekiston Respublikasida telekommunikatsiya texnologiyalari, aloqa tarmoqlari va infratuzilmasini rivojlantirish dasturining qabul qilinishi mamlakatimizda axborot resurslari, tizimlari va tarmoqlarini jadal rivojlantirishda yangi bosqichni boshlab berdi.

Toshkent viloyatida ham ushbu hujjat ijrosi yuzasidan muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, viloyat va uning shahar hamda tuman hokimliklarida elektron hujjat almashinuvini yo’lga qo’yish va rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilib, qog’oz sarfini kamaytirish imkonini beradigan lokal va korporativ tarmoqlar tashkil etildi. Ish sifati va samaradorligini yanada oshirish maqsadida “E-XAT”, korporativ boshqaruvning avtomatlashtirilgan tizimi – “KBAT”, “YUrida”, “YUrida orfo” kabi dastur, tizim va elektron pochtalar joriy etildi.

– Viloyat hokimligining rasmiy veb-sayti o’tgan yili www.toshvil.uz veb-portaliga aylantirildi, – deydi Toshkent viloyati hokimligining kompyuterlashtirish markazi rahbari Saidakrom Muzaffarov. – Unda davlatimiz rahbari, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilinayotgan qaror va farmonlar, normativ-huquqiy hujjatlar hamda Toshkent viloyati hokimligining qaror va farmoyishlari, viloyat hokimligi tuzilmasi, vazifalari, majburiyatlari, rekvizitlari, rahbariyati to’g’risidagi axborotlar, jumladan, fuqarolarni qabul qilish tartibi, qabul kunlari, ko’rsatiladigan xizmatlar ro’yxati va xizmat ko’rsatish tartibi, rasmiy tadbirlar (majlis, anjuman, seminar, uchrashuv va boshqalar) bilan tanishish mumkin.

O’n sakkizta shahar va tuman hokimliklarining rasmiy veb-saytlarini o’z ichiga olgan www.toshvil.uzda viloyat va mamlakatimiz hayotiga oid tezkor yangilik va o’zgarishlardan xabardor bo’lish imkoniyati yaratilgan. Ko’plab, jumladan, “Angren” maxsus industrial zonasi, viloyatning investitsiya va eksport-import salohiyati, bu yerdagi yirik ishlab chiqarish ob’ektlari, tadbirkorlik, namunaviy uy-joylar, ziyoratgohlar, ta’lim va tibbiyot muassasalari, bo’sh ish o’rinlari, masjid va madrasalar, madaniyat va istirohat bog’lari, dam olish maskanlari, mehmonxonalar, ishonch telefonlari haqida ma’lumotlar jamlangan. Ularning yozma, rasm, tovush va videotasvir ko’rinishida, bir nechta tilda joylashtirilayotgani portalga kiruvchilar sonini keskin oshirmoqda.

Ma’lumki, viloyatlar hokimliklari veb-saytlariga murojaat qilgan fuqarolar sonining hisobi yuritiladi. Unga ko’ra, 2013 yilning uchinchi choragida www.toshvil.uz ga tashrif buyuruvchilar soni viloyatlar veb-saytlari o’rtasida oxirgi o’rinni band etgan edi. Viloyatda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirishga e’tiborning kuchayishi natijasida bu boradagi ko’rsatkich birinchi o’ringa ko’tarildi.

– Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada rivojlantirish borasidagi ishlarni davom ettirmoqdamiz, – deydi viloyat kompyuterlashtirish markazi bosh mutaxassisi Sofiya YUsupova. – Jumladan, hokimlik veb-portali orqali fuqaro murojaatlarini elektron shaklda ko’rib chiqishni takomillashtirish, on-layn savol-javob va interaktiv xizmatlar sonini ko’paytirish, www.toshvil.uzning mobil ko’rinishini yaratish bo’yicha ishlar olib borilmoqda.

SHuningdek, viloyat, shahar va tuman hokimliklarini shisha tolali aloqa liniyalari tarmog’iga ulash, yaroqsiz holga kelib qolgan texnikalarni zamonaviysiga almashtirish kabi ishlarni amalga oshirish ko’zda tutilmoqda