Axborot texnologiyalari sanoati rivojlanmoqda

Mamlakatimizda dasturiy ta’minot sanoati innovatsion iqtisodiyotning jadal rivojlanayotgan tarmoqlaridan biridir. Bugungi kunda mamlakatimizda yaratilayotgan dasturiy ta’minot mahsulotlari jahondagi yetakchi ishlab chiqaruvchilar mahsulotlari bilan bemalol raqobatlasha oladi.

Internet, mobil aloqa va boshqa informatsion texnologiya mahsulotlari paydo bo’lishi o’z ishini kengaytirishni maqsad qilgan tadbirkorlar uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda. Ayni paytda mamlakatimizda dasturiy mahsulotlar yaratish, ishlab chiqarish va amaliyotga joriy etish bilan shug’ullanadigan sub’ektlar soni 260 dan oshdi. Mazkur sub’ektlar uchun axborot texnologiyalari nafaqat yaxshi daromad manbai, balki iqtisodiyotimizni modernizatsiya qilishning yuksak texnologiyali bazasini yaratishning eng maqbul vositasidir.

Ekspertlarning fikricha, ishlab chiqaruvchilar huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda malakali mutaxassislar tayyorlashni ta’minlaydigan qonunchilik bazasi, shuningdek, yaqin yillarga mo’ljallangan axborot texnologiyalarini rivojlantirish dasturi mamlakatimizda dasturiy mahsulotlar bozorining jadal taraqqiy etishiga zamin yaratmoqda. Dasturiy ta’minot ishlab chiquvchilar davlatimiz tomonidan har tomonlama qo’llab-quvvatlanmoqda. Innovatsion iqtisodiyot va yuksak rivojlangan ijtimoiy sohalarni shakllantirish, fuqarolarning yangi axborot texnologiyalaridan erkin foydalanishi jarayonining yanada jadallashuvi va ochiqligini ta’minlash maqsadida qator soliq va bojxona preferentsiyalari taqdim etilayotir.

So’nggi yillarda mamlakatimizning axborot texnologiyalari sanoatini sifat jihatidan yangi bosqichga ko’tarish va dasturiy ta’minot mahsulotlari ishlab chiquvchilarni yanada rag’batlantirishga qaratilgan qator me’yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Prezidentimizning 2013 yil 20 sentyabrda qabul qilingan “Mamlakatimizning dasturiy ta’minot vositalari ishlab chiquvchilarini rag’batlantirishni yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi qarori, 2013-2020 yillarda O’zbekiston Respublikasining Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini rivojlantirish kompleks dasturi shular jumlasidandir. Davlatimiz rahbarining mazkur qarori dasturiy ta’minot vositalarini ishlab chiqarishni rivojlantirish, ularni ichki va tashqi bozorga chiqarishga ko’maklashish bo’yicha muhim vazifalarni belgilab berdi.

Axborot texnologiyalari tarmog’iga oid bunday davlat siyosatining samaradorligini ishlab chiqaruvchilarning o’zlari ham alohida qayd etmoqda. O’zbekiston Axborot texnologiyalari korxona va tashkilotlari uyushmasi tomonidan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi sifat va miqdor o’zgarishlarini tadqiq etish, soha kompaniyalarining biznes faolligi ko’rsatkichlari rivojlanishining asosiy tendentsiyalarini belgilash, ularning amalga oshirilayotgan davlat siyosati samaralariga munosabatini o’rganish bo’yicha o’tkazilgan ijtimoiy so’rovda respublikamizdagi 43 kompaniya ishtirok etdi.

Tahlillar shuni ko’rsatmoqdaki, so’nggi ikki yilda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida faoliyat yuritayotgan kompaniyalarning yillik aylanma mablag’i sezilarli tarzda oshdi. Jumladan, 2013 yilda aylanma mablag’ hajmi o’rtacha 23 foizga o’sgan. Natijada kompaniyalar daromad miqdorining ko’payishi hisobidan xodimlarning ish haqi miqdorini o’rtacha 20-50 foizga oshirish imkoniga ega bo’ldi. So’rovda qatnashganlarning ta’kidlashicha, bu davlat tuzilmalari faoliyatiga axborot texnologiyalari sanoatining ilg’or yechimlarini joriy etish va milliy dasturiy ta’minot vositalari negizida “elektron hukumat”ni yaratishni nazarda tutadigan axborotlashtirishga oid davlat siyosatining samarasidir.

“Intelligent Solutions” kompaniyasining ijrochi direktori yelena Atlanovaning ta’kidlashicha, mamlakatimizda dasturiy ta’minot vositalari ishlab chiquvchilarning o’z ehtiyoji uchun asbob-uskuna va texnologik hujjatlar olib kirishda soliq hamda bojxona to’lovlaridan ozod etilishi sifatli, raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarish imkonini kengaytiradi. Ana shunday imtiyozlar samarasida 2013 yilda kompaniya tomonidan bir necha yirik tizimlar amaliyotga joriy etildi. Xususan, hujjatlar va ish yuritish jarayonlarini boshqarishning avtomatlashtirilgan “IS Docflow” tizimi Navoiy viloyati hokimligi, “Qizilqumtsement” OAJ va O’zbekiston qattiq qotishmalar va o’tga chidamli metallar kombinati faoliyatiga joriy qilindi.

“UNICON.UZ” davlat unitar korxonasi Ilmiy-texnika va marketing tadqiqotlari markazi mamlakatimizda yangi dasturiy ta’minot vositalari yaratish va ularni amaliyotga tatbiq etish bo’yicha e’tiborga molik loyihalarni amalga oshirmoqda. Prezidentimizning 2012 yil 21 martda qabul qilingan “Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada joriy etish va rivojlantirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi qaroriga asosan korxona tomonidan “Ijro intizomi” va “Devonxona” axborot tizimlari majmuini o’zida mujassam etgan idoralararo elektron hujjat almashish tizimini yaratish loyihasi ustida ish olib borilmoqda. Mazkur dasturiy ta’minot vositasining dastlabki ishlanmasi tayyor bo’ldi. Ayni paytda “UNICON.UZ” tadbirkorlik sub’ektlarini internet orqali davlat ro’yxatidan o’tkazish mexanizmini joriy qilish jarayonida ishtirok etmoqda. Ushbu loyiha 2014 yil 1 yanvardan ishga tushirildi.

“UNICON.UZ” davlat unitar korxonasi ijrochi direktori vazifasini bajaruvchi Xislat Hasanovning ta’kidlashicha, o’tgan yili “E-Hujjat” elektron hujjatlar almashinuvi tizimini modernizatsiya qilish o’z nihoyasiga yetkazildi. Bugungi kunda mazkur tizimga 150 dan ortiq tashkilot ulangan. YAngilangan “E-Xat” 4.0. himoyalangan elektron pochta dasturiga qariyb 3 ming foydalanuvchi ulangan. SHuningdek, “E-kalit” apparat-dasturiy qurilmasiga bo’lgan talab ham oshib bormoqda. Bundan tashqari, korxona tomonidan O’zbekiston Respublikasi Oliy sudi va BMTning O’zbekistondagi Taraqqiyot dasturi hamkorligi doirasida «E-SUD» elektron sud ishini yuritish axborot tizimi ishlab chiqildi.

Ta’kidlash kerakki, dasturiy mahsulotlar bozorida kompyuter o’yinlarini ishlab chiqish alohida o’rin egallaydi. «Cron Forge» kompaniyasi mamlakatimizda o’yin ilovalarini ishlab chiqish bo’yicha dastlabki korxonalardan biridir. Bugungi kunda uning faoliyati, xususan, «ZiyoNet» axborot-ta’lim portali uchun turkum ma’rifiy o’yin ilovalarini yaratishga yo’naltirilgan. Jumladan, ushbu portal uchun «Matematik pazl», «Matematik bloknot», “So’z o’yini”, “Harfni top” va “So’z yasa” kabi o’yinlar ishlab chiqilgan. Ularning har biri ma’rifiy vazifani bajaradi va o’zbek tilidagi talqiniga ega.

Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo’mitasi vakillarining ta’kidlashicha, O’zbekistonda yaratilayotgan dasturiy yechimlar ro’yxati bilan software.uz. internet portalida joylashtirilgan Dasturiy ta’minot vositalari ishlab chiqaruvchilarining milliy reestrida tanishish mumkin. Unga o’z dasturiy mahsulotlarini ishlab chiqish, joriy etish va sotishdan olingan daromadi sotilgan tovarlari (ishlar, xizmatlar) umumiy hajmining 50 foizidan kam bo’lmagan yuridik shaxslar ixtiyoriy va bepul asosda kiritiladi.

Xulosa qilib aytganda, raqobat tobora kuchayib borayotgan bugungi zamonaviy sharoitda mamlakatimiz dasturiy ta’minot vositalari ishlab chiqaruvchilari davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga, biznes va jamoat tashkilotlariga ularning manfaatlariga xizmat qiladigan dasturiy mahsulotlar taqdim etishi mumkin. Bu buxgalteriya, qonunchilik hujjatlari bazasi, hujjat aylanmasini boshqarish tizimlari sohasidagi eng yangi va boshqa ko’plab dasturiy mahsulotlardir. Ular sodda tuzilgan va foydalanish uchun juda qulay bo’lishi bilan birga, o’zbek tilidagi talqini ham mavjud. Ichki bozorga, mahalliy standart va qonunchilikka moslashtirilgan.